Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar o‘z vaqtida to‘lanmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, barcha davlat oliygohlarida yuqori kurs talabalariga stipendiyalar to‘lab berilgan. Ayrim OTMlarda esa 1-bosqich talabalariga stipendiya tayinlash buyruqlarini rasmiylashtirish va bank kartalarini ochish jarayoni kechikayotgani sababli to‘lovlar vaqtincha amalga oshirilmagan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda tegishli hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmoqda va barcha talabalar stipendiyalari joriy hafta yakuniga qadar to‘liq to‘lanadi.