Prezident Shavkat Mirziyoyevga Xorazm viloyati misolida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar taqdim etildi.

Majlisda qayd etilishicha, o‘tkazilgan so‘rovlarda oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmayotganini bildirgan.

Shu munosabat bilan davlat rahbari kasb-hunarga o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish va uni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lash zarurligini ta’kidladi.

O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish, oliy ta’lim tashkilotlarining mavjud imkoniyatlaridan kasbga o‘rgatishda keng foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shuningdek, universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Majlisda Xorazm viloyatida ayni paytda 50 mingdan ziyod vakansiya mavjudligi, biroq zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sababli ularning bir qismi bo‘sh qolayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari ta’lim va kasbga o‘qitish tizimini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, mavjud vakansiyalar uchun zarur mutaxassislarni tayyorlashni kuchaytirish vazifasini qo‘ydi.