O‘zbekistonlik tarixchi, o‘lkashunos, jurnalist va yozuvchi Boris Golender og‘ir xastalikdan so‘ng 5-fevral kuni 78 yoshida vafot etdi.

Ada

Boris Golender 1947-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining Kimyo fakultetini tamomlagan, kimyo fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. U uzoq yillar ilmiy laboratoriya mudiri sifatida faoliyat yuritgan.

Shu bilan birga, Boris Golender jurnalistika va adabiyot sohasida ham samarali mehnat qilgan. U “Sharq yulduzi” jurnalida, “G‘afur G‘ulom” nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida ishlagan. Shuningdek, o‘zi asoschilaridan biri bo‘lgan “Sergey Yesenin” nomidagi davlat muzeyida ko‘p yillar davomida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan.

Golender O‘zbekiston, xususan Toshkent shahri tarixi, madaniyati va shahar muhitini o‘rganish hamda targ‘ib etishga katta hissa qo‘shgan. U mamlakat tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan 100 dan ortiq ilmiy-ommabop kitoblar, maqolalar va turistik yo‘lko‘rsatkichlar muallifi sifatida keng jamoatchilikka tanilgan.

Shuningdek, Boris Golender ssenariysi asosida 2009-yilda rejissyor Rafael Xayritdinov tomonidan “Anor choyxonasi ustasi” va “O‘zbek zamini she’riyati” nomli hujjatli filmlar suratga olingan. Ushbu filmlarda o‘zbek tasviriy san’ati namoyandalari — rassomlar Aleksandr Volkov va Pavel Benkovning hayoti hamda ijod yo‘li yoritilgan.

Boris Golenderning vafoti O‘zbekiston ilmiy va madaniy jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.