O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab texnikum o‘quvchilariga ham Work and Travel xalqaro dasturlari orqali xorijda ishlash va sayohat qilish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan texnikum o‘quvchilari ham ushbu dasturlarda ishtirok etishi belgilangan.
Dastur doirasida Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ishlash hamda sayohat qilish mumkin bo‘ladi. Bunda xorijga borish-kelish va boshqa xarajatlarni qoplash uchun ssuda ajratish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, Kasbiy ta’lim jarayonlarini boshqarish — EMIS RT axborot tizimida texnikumlar va o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlarni aks ettirish belgilangan. Jumladan, ta’lim muassasasining nomi, manzili, kodi, kasb va mutaxassislik yo‘nalishlari, o‘quvchining bosqichi, ta’lim shakli, maqomi hamda baholari tizimga kiritiladi.
Migratsiya agentligi har yili 1-martga qadar Work and Travel dasturlari doirasida xorijda ishlash va sayohat qilish uchun chet ellik ish beruvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash choralarini ko‘radi.