O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lanadi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 30-iyundagi qarori bilan belgilandi.
Qarorga ko‘ra, Kasbiy ta’lim agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 2026/2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar dual ta’lim o‘quvchilariga stipendiya tayinlash va to‘lash uchun maxsus elektron platformani ishga tushiradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrga qadar mazkur platforma Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Yagona milliy mehnat tizimi hamda Raqamli hukumatning idoralararo integratsiya platformasiga ulanadi.
Qarorga muvofiq, dual ta’lim shakliga birinchi kursga qabul qilingan barcha o‘quvchilarga fanlarni o‘zlashtirish darajasidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Avvalgi semestr yakunlariga ko‘ra fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85 foizdan yuqori bo‘lgan, baholari asosan “4” va “5”dan iborat o‘quvchilarga keyingi semestr davomida BHMning uch baravari miqdorida stipendiya beriladi.
Kasblar bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar ham BHMning uch baravari miqdoridagi stipendiyani oladi.
O‘quvchilarning o‘zlashtirish natijalari HEMIS PT axborot tizimida yuritiladi. Stipendiyalar texnikumlar tomonidan har oyning 15-sanasigacha to‘lab boriladi.
Shuningdek, texnikum guruh rahbari va korxonadan biriktirilgan ustoz o‘quvchilarning kundalik davomatini maxsus platformaga kiritadi. Davomat ma’lumotlari stipendiya tayinlash va baholashda inobatga olinadi.
Qarorga ko‘ra, o‘quvchi ishlab chiqarish topshiriqlarini bajarmasa, amaliyot kundaligini yuritmasa, korxonaning ichki tartib-qoidalarini buzsa, akademik ta’til olsa, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketsa, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilsa, uzrsiz sabablarga ko‘ra 74 soatdan ortiq dars qoldirsa, dual ta’limdan boshqa ta’lim shakliga o‘tkazilsa, o‘qishdan chetlashtirilsa yoki dual ta’lim shartnomasi bekor qilinsa, stipendiya to‘lash to‘xtatiladi.
Stipendiya to‘lovini to‘xtatish asoslari maxsus platformada qayd etib boriladi.