O‘zbekiston tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida endilikda tibbiy ta’lim sifatini baholash bo‘yicha uch bosqichli tizim joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar bo‘yicha bilimlari baholanadi. Rezidenturani tamomlagan shifokorlar esa o‘z ixtisosligi bo‘yicha imtihondan o‘tib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgach tibbiy faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida hamshiralar rolining oshirilishi zarurligi ta’kidlandi. Endilikda oddiy muolaja bajaruvchi emas, balki tashxis, davolash va profilaktika jarayonida shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan malakali hamshiralarni tayyorlashga e’tibor qaratiladi.
Bu maqsadda Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, uning negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi.
Mazkur akademiya AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniya oliygohlari bilan hamkorlikda kelasi yildan boshlab oliy ma’lumotli hamshiralarni tayyorlashni boshlaydi.