Prezidentning tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, tibbiyot ta’limida “5+1” tizimi joriy etilib, tor soha mutaxassislarini tayyorlash bosqichma-bosqich rezidentura orqali amalga oshiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar berdi.

Tibbiyotda “5+1” tizimi joriy etiladi
2027–2028-o‘quv yilidan boshlab Davolash ishi bakalavriat yo‘nalishi negizida 6 yillik “5+1” shaklidagi umumiy tibbiyot bakalavriat yo‘nalishi tashkil etiladi. Bunda bitiruvchi kurs talabalari bir yil davomida to‘liq amaliyot o‘taydi.
Umumiy tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilariga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi. Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor bo‘lib ishlashi mumkin.
Shuningdek, tibbiyotning barcha bakalavriat yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy qilinadi.
Stomatologiya yo‘nalishidagi talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktiriladi.
Tor soha mutaxassislari rezidentura orqali tayyorlanadi
2026–2027-o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura tashkil etilib, uni tamomlaganlarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.
2027–2028-o‘quv yilidan tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va klinik ordinaturaga qabul to‘xtatiladi.
Rezidenturada tor soha mutaxassislari davlat tibbiyot ta’lim tashkilotlari va muassasalarida davlat granti asosida tayyorlanadi. Dasturlar davomiyligi mutaxassislikka qarab tabaqalashtiriladi.
Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilinganlarga davlat budjeti hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyent miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Rezidentura dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga xalqaro standart tasniflagichi hamda Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos davlat namunasidagi diplom beriladi.
Tibbiyot magistraturasi ham o‘zgaradi
2027–2028-o‘quv yilidan boshlab tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi.
Shu sababli tibbiyotda magistratura orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi. Magistratura dasturlari asosan ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga yo‘naltiriladi. Biroq magistratura o‘rinlarining 20 foizgacha bo‘lgan qismi amaldagi yo‘nalishlar uchun saqlanadi.
Magistraturaga oliy ma’lumotga ega, biroq turdosh sohalarda tahsil olgan nomutaxassislarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi.
Oilaviy tibbiyot rezidenturasi talabalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot oliygohlariga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi. Ular OTM professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib, o‘qish bilan bir vaqtda amaliyot ham o‘taydi.
Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga ham tor soha mutaxassislariga