Hukumatning 2026-yil 2-martdagi qarori bilan “Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga ta’lim kreditini ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda huquqiy axborot manbalarida ma’lum qilindi.

Nizomga ko‘ra, imtiyozli ta’lim kreditlari Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi. Hujjatda kredit berish hamda uni qaytarish tartiblari aniq belgilangan.
Qarorga muvofiq, ta’lim krediti Quacquarelli Symonds (QS) yoki Times Higher Education (THE) reytinglari bo‘yicha top-300 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan yoshlar hamda pedagog xodimlarga beriladi. Bunda kredit oluvchilar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi va yoshlar 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi talab etiladi.
Ta’lim krediti bakalavriat va magistratura dasturlari uchun ajratiladi. Uning miqdori bir o‘quv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda milliy valyutada belgilanadi.
Hujjatga ko‘ra, kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan keyin yettinchi oydan boshlab yetti yil davomida qaytariladi. Kredit bo‘yicha foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.
Ta’lim kreditini olish uchun ariza beruvchi bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi, birinchi kurs uchun taklifnoma-xat, ikkinchi kursdan boshlab akademik o‘zlashtirish natijalari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha shartnoma hamda oliy ta’lim muassasasining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoysni taqdim etishi lozim.
Shuningdek, birgalikda qarz oluvchilarning oxirgi 12 oylik daromadlari haqidagi ma’lumotlar va 30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun mehnat daftarchasidan ko‘chirma ham talab etiladi.