Toshkent shahar hokimining 15-maydagi farmoyishi bilan hokimlik va tizim tashkilotlari xodimlari uchun yangi odob-axloq qoidalari tasdiqlandi.
Hujjatda davlat xizmatchilarining xizmat faoliyati, ishdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori, fuqarolar bilan munosabati hamda korrupsiyaning oldini olishga oid talablar belgilab qo‘yilgan.
Qoidalarga ko‘ra, xodimlar qonuniylik, halollik, xolislik, xizmat sirini saqlash va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillari asosida faoliyat yuritishi kerak. Fuqarolar bilan muloqotda esa xushmuomalalik, hurmat va vazminlikka amal qilinishi shartligi qayd etilgan.
Shuningdek, hokimlik xodimlariga maishatbozlik, ichkilikbozlik, dabdababozlik va qimor o‘yinlarida ishtirok etish taqiqlanmoqda.
Farmoyishda davlat xizmatiga oid masalalarni rasmiy e’lon qilinmasdan turib muhokama qilish, qimmatbaho sovg‘alar olish hamda xizmat guvohnomasi yoki xizmat avtomobilidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishga ham yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Hujjatda ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatga alohida e’tibor qaratilgan. Xodimlardan davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmaslik talab etiladi.
Farmoyish bilan Toshkent shahar hokimligining Odob-axloq komissiyasi ham tashkil etildi. Komissiya xodimlarning belgilangan qoidalarga rioya etishini nazorat qiladi, murojaatlarni ko‘rib chiqadi va zarur hollarda intizomiy choralar qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritadi.
Yangi tartiblarga ko‘ra, xodimlar korrupsiyaga oid holatlar yoki boshqa qonunbuzarliklar haqida rahbariyat va ichki nazorat xizmatlariga zudlik bilan xabar berishi shart bo‘ladi.
Rahbarlarga esa bo‘ysunuvchilarga qo‘pol muomala qilmaslik, favoritizm va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik majburiyati yuklatilgan.
Bundan tashqari, hujjatda davlat xizmatchilarining tashqi ko‘rinishi, kiyinish madaniyati, telefon orqali muomala qilish tartibi hamda xizmat intizomiga oid talablar ham belgilangan.
Odob-axloq qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish, tanbeh yoki boshqa intizomiy choralar qo‘llanishi mumkin.