2-sentyabr — Bilimlar kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari boshlandi. Shu sababli ertalabki vaqtlarda poytaxt ko‘chalarida transport va piyodalar harakati sezilarli darajada ortishi, ayrim hududlarda tirbandliklar yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tirbandliklarning oldini olish hamda o‘quvchi va talabalarning ta’lim muassasalariga xavfsiz yetib borishini ta’minlash maqsadida fuqarolarga imkon qadar jamoat transportidan foydalanishni tavsiya qildi.
Shuningdek, haydovchilardan maktab va oliy ta’lim muassasalari atrofida avtomobillarni tartibsiz yoki uzoq muddatga to‘xtatmaslik, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish hamda piyodalar va o‘quvchilarga yo‘l berish so‘raldi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, ta’lim muassasalari atrofida xavfsizlikni ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish va fuqarolarga ko‘maklashish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari navbatchilik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, akademik litsey va texnikumlarda ham o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi. Oliy ta’lim tashkilotlarida darslar 1-bosqich talabalari uchun 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentyabrdan boshlanadi.