Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilari davomatini “aqlli” kameralar orqali aniqlash haqida tarqalgan xabarlar ortidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Xa

Ma’lum qilinishicha, “aqlli” kameralar Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim maktablarga hozircha sinov tariqasida o‘rnatilmoqda. Ular o‘quvchilarning davomatini nazorat qilishni samaraliroq tashkil etishda maktab ma’muriyatiga yordam beradi.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu tizim ota-onalarga ham farzandlarining darslarga qatnashishini onlayn kuzatish, shuningdek, ularning xavfsizligini ta’minlashda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Eslatib o‘tilishicha, Toshkent shahar hokimining 2025-yil 29-avgustdagi qaroriga binoan poytaxtdagi umumta’lim maktablarining 10–11-sinflarida maxsus kameralar o‘rnatish va “Smart School” tizimini joriy etish taklifi ma’qullangan. Bu orqali yuqori sinf o‘quvchilarining davomatini, fanlarga qiziqishini hamda ta’lim sifatini nazorat qilish ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda o‘quvchilar davomatini hisobga olish e-maktab platformasi orqali amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, fan o‘qituvchilari va sinf rahbarlari har kuni davomatni tizimga kiritib boradi.

Shuningdek, tegishli nizom asosida sababsiz dars qoldirgan o‘quvchilarning ota-onalariga dastlab ogohlantirish yuboriladi. Agar o‘quvchi muntazam ravishda darslarga qatnashmasa, ota-onalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

Mazkur moddaga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi.