Toshkentdagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar davomatini avtomatik nazorat qiluvchi “SI Davomat” tizimi joriy etilmoqda. U smart kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning darsga kelgan-kelmaganini qayd etadi.

Hozirda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu maktablarda jami 446 ta smart kamera o‘rnatilgan. Tizimning ishlash mexanizmi va dastlabki natijalari Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida muhokama qilindi.
O‘quvchi sababsiz dars qoldirsa, ota-onasiga SMS xabarnoma yuboriladi. Bu haqdagi ma’lumot maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham avtomatik yetkaziladi.
“SI Davomat” “ERP Maktab” hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shu sababli o‘quvchining kasalligi tufayli darsga kelmagani sababsiz davomatdan ajratib ko‘rsatilishi mumkin.
Tizim orqali davomatdan tashqari o‘quvchilarning darsdagi faolligi va mavzuga qiziqishi, shuningdek, o‘qituvchining darsni olib borishi hamda mashg‘ulot sifati kabi ko‘rsatkichlarni nutq tahlili modullari yordamida o‘rganish rejalashtirilgan. Ushbu ma’lumotlar metodistlar tomonidan tahlil qilinadi.
Shuningdek, maktablarni davomat ko‘rsatkichlari bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratish ko‘zda tutilgan. Natijalardan ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarni rag‘batlantirish hamda tegishli choralarni belgilashda foydalaniladi.
Sergelidagi tajriba natijalariga ko‘ra, “SI Davomat”ni Toshkentdagi boshqa umumta’lim maktablariga ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.