Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilgan hududda yangi loyihalarni amalga oshirish hamda qurilish ishlari vaqtincha cheklanadi. Bu haqda viloyat kadastr boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Iko

Qayd etilishicha, ushbu choralar hududdagi mavjud mulklar qiymatining asossiz oshishining oldini olish maqsadida ko‘rilmoqda. Shu sababli, yangi foydalanuvchilarga yer ajratish, obyektlarni rasmiylashtirish, yangi loyihalar boshlash va qurilish ishlari olib borish to‘xtatiladi.

Hudud to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, turar va noturar binolar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari egalari uchun yetkaziladigan zararni qoplash maqsadida kompensatsiya miqdori aniqlanadi. Yangi aeroport qurilishi munosabati bilan O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari tutash hududida joylashgan aholi ko‘chiriladi. Aholi xonadonlari hamda fermer xo‘jaliklarining bino-inshootlari uchun tegishli kompensatsiya to‘lanadi.

Ma’lumki, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishiga 2025-yil 15-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan start berilgan edi. Loyiha O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida joylashgan 1 300 gektar maydonda amalga oshirilmoqda.

Aeroport qurilishi Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz va Koreyaning Incheon kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium hamkorligida olib borilmoqda. Umumiy qiymati 2,5 milliard dollarni tashkil etuvchi birinchi bosqichda aerovokzal va aerodrom qurilishi rejalashtirilgan.

Loyiha yakunlangach, aeroport terminallari orqali yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyasini bajarish hamda 62 ta havo kemasini bir vaqtning o‘zida saqlash imkoniyati yaratiladi.