“Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

30-mart kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi ham tashkil etiladi. Ushbu sud birinchi instansiya va apellyatsiya bosqichlaridan iborat bo‘ladi.
Farmonga muvofiq, markaz hududida bir qator faoliyat turlariga ruxsat beriladi. Jumladan:
- moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati;
- sug‘urta hamda raqamli (kripto) aktivlar;
- qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar;
- to‘lov tizimlari va xizmatlari;
- islomiy va yashil moliya;
- moliyaviy texnologiyalar (fintech) bilan bog‘liq xizmatlar;
- auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar.
Shuningdek, Toshkent xalqaro moliya markazi hududida konstitutsiyaviy qonun bilan belgilangan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.
Markaz boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati beriladi.
Farmonga ko‘ra, markaz hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llaniladi.