2-sentyabr kuni Toshkent ko‘chalaridagi transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshdi. Shunga qaramay, poytaxt bo‘yicha umumiy tirbandlik darajasi 6 ball atrofida saqlanib qoldi. Bu haqda Toshkent shahar YTHEM xabar berdi.

Nvb

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, transport oqimi real vaqt rejimida kuzatib borilgan. Poytaxtdagi muhim tartibga solinadigan chorrahalarning deyarli barchasi raqamli tizimga ulangan bo‘lib, mutaxassislar yo‘l holati, svetoforlarning ishlashi, avtomobillar navbati va jamoat transporti harakatini nazorat qilgan.

Transport oqimida navbatlar ortgan hollarda yuklama yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi svetoforlarda yashil chiroq davomiyligi uzaytirilgan, svetofor fazalari qayta sozlangan va qo‘shni chorrahalar o‘zaro muvofiqlashtirilgan.

Bu orqali tirbandlikning keyingi chorrahalarga tarqalishining oldi olingan.

YTH, avtomobilning yo‘lda to‘xtab qolishi, yo‘l tasmasining yopilishi, ta’mirlash ishlari yoki to‘xtash qoidalarining buzilishi sababli yuzaga kelgan tirbandliklar haqida Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlariga tezkor ma’lumot berilgan.

Zaruratga ko‘ra, harakat joyning o‘zida qo‘lda tartibga solingan va tegishli xizmatlar jalb etilgan.

Vaziyatlar markazida Toshkent shahar YHTEM, Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi, IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB, jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari hamda muhandislik va tahliliy bo‘linmalar vakillaridan iborat ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar, texnikumlar va boshqa ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar boshlanishi bilan transport yuklamasi yanada ortishi mumkin.

Shu sababli yaqin kunlarda Toshkentdagi transport harakatini monitoring qilish kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi.