2025-yilning yanvar—avgust oylarida Toshkent shahrida 4 ming 350 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Open Data Tashkent portali ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2018–2024-yillarda qayd etilgan o‘rtacha qiymatdan 10 foizga ko‘pdir. Shu tariqa, 2018-yildan buyon poytaxtda jami 32 mingdan ortiq YTH sodir bo‘lgan.

Joriy yilning 8 oyida YTHlar eng ko‘p qayd etilgan tuman Yunusobod bo‘lib, u yerda 561 ta hodisa sodir bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Chilonzor (555 ta), Yashnobod (554 ta), Mirzo Ulug‘bek (475 ta), Shayxontohur (363 ta), Olmazor (337 ta), Uchtepa (316 ta), Sergeli (288 ta), Mirobod (269 ta), Bektemir (217 ta), Yakkasaroy (210 ta) va Yangihayot (205 ta) tumanlari qayd etilgan.
Hodisalar oylar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p YTH aprel oyida ro‘y bergan bo‘lib, bu davrda 647 ta holat kuzatilgan. Eng kam ko‘rsatkich qish oylariga to‘g‘ri kelgan: yanvarda 377 ta, fevralda 421 ta hodisa qayd etilgan.
O‘tgan yilgi ma’lumotlar ham shuni ko‘rsatadiki, YTHlar yanvar-fevral oylarida nisbatan kam, bahor mavsumida esa ko‘proq sodir bo‘lgan.