Toshkent shahrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli 190 gektar yer maydoni poytaxt hokimligi ixtiyoriga berildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi rahbarining 10-apreldagi qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, mazkur yer maydoni Mirzo Ulug‘bek tumani, “Ulug‘bek” MFY, Ulug‘bek shaharchasi hududida joylashgan bo‘lib, Fanlar akademiyasi uni ixtiyoriy ravishda davlat zaxirasiga topshirgan. Endilikda ushbu hudud hokimlik tasarrufidagi bo‘sh yer uchastkasi sifatida hisobga olingan.
Qayd etilishicha, bu qaror Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 25-martdagi “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasidagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Mazkur farmonga muvofiq, poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani hududida, Yadro fizikasi instituti va unga tutash maydonlarda zamonaviy dendrologiya bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Qosimova ushbu hududda dendrologiya bog‘i tashkil etilishini tasdiqlagan. Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-aprel kuni Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berilgan.
Keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mazkur jarayon yuzasidan rasmiy izoh berib, bu ishlar prezident farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotganini bildirgan.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra, yer uchastkalari hokimlik tomonidan davlat zaxirasiga qaytarilib, keyinchalik Ekologiya qo‘mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Qo‘mita hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlarini tanlab, loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi hamda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib boradi.