Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2025-yilning yanvar–avgust oylarida atmosfera havosining ifloslanishi bilan bog‘liq 281 ta qonunbuzarlik holatini aniqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Egg

Toshkent shahrida tashkil etilgan 12 ta hududiy ishchi guruh tomonidan sanoat korxonalari, issiqxonalar va atmosferaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa obyektlar faoliyati o‘rganildi. Natijada 1452 obyekt xatlov qilindi, 174 ta tungi reyd tadbiri o‘tkazildi. 154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, 20 ta obyekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yuzasidan sudga ariza kiritildi, 179 ta qonunbuzarlik bartaraf etildi. Shu bilan birga, 11 ta zamonaviy qozon, 19 ta filtr va 12 ta chang tozalash uskunalari o‘rnatildi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatidagi 1233 ta I va II toifa sanoat korxonalarida 5 million 30 ming tonna ko‘mir va 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilmoqda. Ularning 838 tasida filtrlar mavjud. Shuningdek, ayrim issiqlik markazlari va issiqlik elektr stansiyalarida filtrlar o‘rnatilmagani, sovuq kunlarda mazut yoqilg‘isidan foydalanish natijasida atmosferaga 7 ming tonna tashlanma chiqarilgani aniqlangan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ko‘mir va mazutdan foydalanish atmosferaga sezilarli zarar yetkazadi. Shu bois 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlash dasturi qayta ko‘rib chiqildi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga oid qismi bo‘yicha muddatlar 2026-yil sentyabrgacha qisqartirildi.

Unga ko‘ra, issiqlik elektr stansiyalarida yangi filtrlash uskunalari o‘rnatilib, mavjudlari ta’mirlanadi. Natijada chang-gazlarni tozalash samaradorligi 95–99 foizgacha oshirilishi rejalashtirilmoqda.