Toshkent shahrida 7-iyul kuni I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” o‘z ishini boshladi. Forum ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi.

Ll

Ochilish marosimida 50 dan ortiq davlatdan qariyb 300 nafar xorijlik mehmon, jumladan, taniqli olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, davlat va jamoat arboblari, shuningdek, turli diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etdi. Prezident tabrigini uning maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Davlat rahbari murojaatida O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur forumning Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

“Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi”, deyiladi murojaatda.

Prezident qayd etishicha, O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasining boy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu boradagi ishlar ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Murojaatda, shuningdek, buyuk allomalar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tarixiy-madaniy obidalarni qayta tiklash ishlari alohida e’tirof etildi. Xususan, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy memorial majmuasining qayta bunyod etilishi butun musulmon olamidagi yirik ma’naviy va ilmiy markazlardan biri sifatida baholandi.

Prezident O‘zbekiston azaldan turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va dinlar tutashgan zamin bo‘lib kelganini, bugungi kunda ham mamlakatda turli millat va diniy konfessiya vakillari tinchlik va hamjihatlik muhitida yashayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, forum ishtirokchilari Samarqand va Termiz shaharlarida buyuk ajdodlar ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumanlarda qatnashishi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy qadriyatlarni tiklash, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishi qayd etildi.

Mazkur xalqaro forum Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari ijrosi doirasida tashkil etilgan. Tadbir islom sivilizatsiyasining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, buyuk allomalar merosini asrab-avaylash hamda ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini keng yoyishga qaratilgan.