O‘zbekistonda xalqaro ta’lim standartlari asosida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida tajriba-sinov tariqasida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi. Bu prezidentning 17-iyuldagi qarorida belgilandi.

“Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini kengaytirish nazarda tutilgan.
Mazkur yo‘nalishda avvalroq Buyuk Britaniyaning IQF (Integrated Qualifications Framework) tashkiloti bilan hamkorlikda Xalqaro malakalar va baholash markazi tashkil etilgan edi. Qarorga ko‘ra, markazning vakolatlari kengaytirilib, integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini dunyoning eng nufuzli universitetlari talablariga moslashtirish vazifasi yuklatildi.
Xususan, markaz:
- ishlab chiqilgan dasturlarni QS yoki THE xalqaro reytinglarining top-100 taligiga kiruvchi universitetlar talablari bilan muvofiqlashtiradi;
- bakalavriatda “1+3”, “2+2”, magistraturada esa “1+1” kabi ta’lim modellarini ishlab chiqadi;
- yetakchi xorijiy universitetlarning diplomlarini berishga qaratilgan kampus, filial va boshqa ta’lim tuzilmalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishadi.
Prezidentga 10-iyul kuni taqdim etilgan yangi yondashuvlar orasida aynan Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish tashabbusi ham ilgari surilgan edi. Xalqaro amaliyotda bunday dasturlar talabalarga ta’lim davomida bir nechta universitetda o‘qish, turli mamlakatlarning akademik muhiti va standartlaridan foydalanish imkonini beradi.
Yangi oliy maktabda o‘quv jarayoni dastlab Buyuk Britaniyaning Northumbria University va University of Hertfordshire ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Keyingi bosqichlarda esa Sapienza University of Rome, University of Southampton hamda University of Glasgow kabi dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari akademik talablariga moslashtirilgan dasturlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabiga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Uning faoliyatini davlat organlari, hamkor universitetlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi nazorat qiladi.
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor universitet hamda oliy maktab diplomi beriladi. Bu esa talabalar uchun xalqaro darajada tan olinadigan ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.