«Toza Poytaxt» tizimi orqali mahallada texnikalar harakatini kuzatish, chiqindi hajmini hisoblash, markaziy va ichki ko‘chalardagi sanitariya holatini monitoring qilish mumkin bo‘ladi.

Toshkent shahri hokimligida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish jarayonini raqamlashtirish masalasi muhokama qilindi. Qayd qilinishicha, sohada yangi tizim – «Toza Poytaxt» dasturiy ta’minoti joriy etiladi.

Ushbu tizim orqali chiqindi yig‘ish texnikalari mahallabay va belgilangan grafik asosida jalb etiladi. Jarayonda Ekologiya qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Milliy gvardiya va mahalla yettiligi o‘z hududlariga mas’ul bo‘ladi.

Qayd qilinishicha, «Toza Poytaxt» dasturiy ta’minoti 13 avgustdan Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi, 1 sentabrga qadar qolgan tumanlarga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi. Loyihaning asosiy maqsadi – chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish jarayonini nazorat qilish orqali shahar tozaligini ta’minlash, texnikalar ishini monitoring qilish va xizmat sifatini oshirish.

Yangi tizim orqali mahallaning ichki ko‘chalarida texnikalar harakatini kuzatish, chiqindi hajmini hisoblash, yuridik tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini baholash, markaziy va ichki ko‘chalardagi sanitariya holatini monitoring qilish mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda yig‘iladi, inson resurslariga ehtiyoj qolmaydi. Bajarilmagan ishlar va chiqindi olib chiqib ketilmagan manzillar ham avtomatik qayd etiladi.