Toshkent shahrida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 18-avgustdagi qarorida belgilangan.

Markaz Yakkasaroy tumanidagi Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 64-uy manzilida joylashadi. U yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Maktabgacha ta’limni rivojlantirish instituti tarkibida faoliyat yuritadi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri maktabgacha ta’lim sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. Jumladan, YUNESKOga a’zo davlatlarning maktabgacha ta’lim dasturlari va usullari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda ilg‘or tajribalarni o‘rganish rejalashtirilgan.
Shuningdek, markaz pedagog kadrlarni qayta tayyorlashda yangi yondashuvlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi hamda xalqaro trening, seminar va konferensiyalar tashkil etadi.
Markaz 2025-yil 30-oktyabr–13-noyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Toshkentda maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish instituti tashkil etish, shuningdek, kelgusida unga YUNESKO shafeligidagi II toifali institut maqomini berish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar asosida tashkil etilmoqda.
Markazda 16 ta shtat birligi bo‘ladi
Markaz faoliyati uchun 16 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi. Uning ishini muvofiqlashtirish uchun Boshqaruv kengashi tashkil etiladi.
Markazga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.
Markaz faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar 2026-yilda respublika budjetining birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchisi sifatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
2027-yildan boshlab xarajatlar Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.