Toshkentdagi 29 ta maktabda o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan ota-ona va vasiylarning 73,5 foizi o‘quvchilar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlagan. So‘rovnomada jami 58 mingdan ortiq oila a’zolari va vasiylar ishtirok etdi.

5-sentyabr kuni Toshkentda o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnovini ta’minlash maqsadida School bus tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganilayotgani ma’lum qilingandi.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar so‘rovnoma poytaxtdagi 328 ta maktabdan o‘quvchilar soni ko‘p va School bus tizimiga ehtiyoj yuqori deb baholangan 29 tasida o‘tkazilgan.
Unda 58 369 nafar o‘quvchining oila a’zolari yoki vasiylari ishtirok etdi.
O‘quvchilar maktabga qanday qatnaydi?
Dastlabki natijalarga ko‘ra:
- 38,5 foiz o‘quvchi maktabga piyoda keladi;
- 33,1 foizi ota-onasi bilan shaxsiy avtomobilda qatnaydi;
- 18,3 foizi avtobusdan foydalanadi;
- 5,7 foizi taksida keladi;
- 3,5 foizi metrodan foydalanadi;
- 0,9 foizi mikromobil vositalardan foydalanadi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 73,5 foizi maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etish istagini bildirgan. Markaz bu ko‘rsatkich poytaxtda School bus tizimiga talab yuqori ekanini ko‘rsatishini qayd etdi.
Tizimni joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi
So‘rovnoma qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Yakuniy natijalar asosida o‘quvchilar oqimi, avtobus yo‘nalishlari, zarur transport vositalari soni, harakat jadvali, o‘quvchilarni xavfsiz tushirish va olib ketish nuqtalari hamda boshqa tashkiliy masalalar o‘rganiladi.
Shundan so‘ng School bus tizimini joriy etishning amaliy imkoniyatlari ishlab chiqiladi. Tizimni tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.
So‘rovnomada @school_coddbot orqali qatnashish mumkin.