Toshkent shahrining Bektemir tumanida Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi.

Mn

Loyihaga ko‘ra, texnikum Respublika televideniye va radio texnikumi negizida Xitoyning China Oriental Education Holdings Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Buning uchun kompaniya 5,1 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, yangi ustaxonalar qurish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga yo‘naltiriladi.

Texnikum binolari 20 yil muddatga bepul foydalanish huquqi asosida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

BYD, Chery va JAC uchun mutaxassislar tayyorlanadi

Yangi texnikumda ta’lim kunduzgi, kechki va dual shakllarda, to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.

O‘quv jarayoniga zamonaviy texnologiyalar, raqamli ta’lim va sun’iy intellektni joriy etish rejalashtirilmoqda. Mahalliy pedagoglarning Xitoyda malaka oshirishi hamda xorijiy mutaxassislarni darslarga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, BYD, Chery va JAC kabi Xitoy avtomobilsozlik kompaniyalari buyurtmalari asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va talabalar amaliyotini tashkil etish rejalashtirilgan.

Texnikumda xitoy va ingliz tillarini o‘qitish, shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan yoshlar uchun qisqa muddatli kasb kurslarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan kasbiy ta’lim diplomi beriladi. Qisqa muddatli kurslarni tamomlaganlarga sertifikat topshiriladi. Ayrim bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikat berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda.

Yangi qabul 2027/2028-o‘quv yilidan boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Respublika televideniye va radio texnikumida tahsil olayotgan o‘quvchilarga esa o‘qishni amaldagi o‘quv dasturlari asosida yakunlash uchun sharoit yaratiladi.