Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi “eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” nominatsiyasi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur e’tirof majmuaning ko‘lami hamda islomiy ilmiy-madaniy merosni zamonaviy yondashuv asosida namoyish etishdagi ahamiyati xalqaro darajada tan olinganini ko‘rsatadi. Markazni tashkil etish tashabbusi Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan.
Markaz Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan bo‘lib, yirik me’moriy ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Xususan, majmua 10 gektar maydonni egallaydi, bino uzunligi 161 metr, kengligi 118 metr, gumbaz balandligi 65 metrni tashkil etadi. Umumiy ichki maydon esa qariyb 50 ming kvadrat metrga teng. Aynan shu ko‘rsatkichlar jahon rekordiga asos bo‘lgan.
Ginnes rekordi sertifikati tashkilot vakili Sheyda Subashi tomonidan tantanali topshirilgan. Shuningdek, markaz muzeyi turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi sifatida ham e’tirof etilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni mazkur markazga tashrif buyurib, uning ochilishi doirasida yaratilgan sharoitlar va ekspozitsiyalar bilan tanishgan edi.
Markaz har kuni soat 09:00 dan 22:00 gacha, dam olish kunlarisiz faoliyat yuritadi. Bu esa tashrif buyuruvchilarga ish vaqtidan keyin ham kelish imkonini beradi.
Chiptalar O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy mehmonlar va bolalar uchun alohida narxlarda belgilanadi. Chipta doirasida ko‘p tilli professional gidlar hamrohligi, noyob eksponatlar va tarixiy artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, Markaziy Osiyoning jahon ilmi va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi namoyishlar taqdim etiladi. Tashrifchilar, shuningdek, Qur’on zaliga kirish imkoniga ega bo‘ladi.