Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 08:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Xa

Qayd etilishicha, yangi tartib poytaxtdagi transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llarga tushadigan yuklamani kamaytirish hamda ta’lim jarayonini maqbul tashkil etishga qaratilgan.

Darslarning ertaroq boshlanishi talabalar va professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, kun davomida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va shahardagi transport oqimini maqbullashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, mazkur tartib kunduzgi va kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish hamda mashg‘ulotlar va boshqa o‘quv faoliyatlari uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.

Vazirlik yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida Toshkentdagi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagoglar va talabalarni yangi tartibni inobatga olishga chaqirdi.

Ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlarni belgilangan vaqtda boshlash, o‘quv jarayonini tegishli tarzda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha choralar ko‘riladi.