Toshkent shahridagi 12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurish rejalashtirilgan. Ularning joylari allaqachon belgilangan. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Kutubxona

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, markaziy loyihalardan biri xalq orasida “Moviy gumbazlar” deb ataladigan hududda amalga oshiriladi. Tarixan kitob savdosining markazi bo‘lgan ushbu hudud mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiriladi.

2026-yil iyulida “Moviy gumbazlar” majmuasining tarixiy qiyofasini to‘liq tiklash e’lon qilingan. Loyiha kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentning 2026-yil 29-iyuldagi qaroriga ko‘ra, Yakkasaroy tumanidagi Sharof Rashidov shohko‘chasida joylashgan “Moviy gumbazlar” xiyobonida 24 soat faoliyat yuritadigan “Kitob ko‘chasi” tashkil etiladi. Hududda obodonlashtirish ishlari olib boriladi va ochiq maydonda turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Shavkat Umurzoqovning aytishicha, poytaxtdagi 585 ta mahallada ham bosqichma-bosqich kitobxonlik burchaklari tashkil etiladi. Natijada aholining odatiy yo‘nalishlari bo‘ylab kitob o‘qish va mutolaa qilish uchun imkoniyatlar yaratiladi.

“Moviy gumbazlar” hududidagi loyiha esa shunchaki kitob saqlanadigan bino emas, balki yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan, aholining ilmiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan jamoat makoni bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, yangi qurilayotgan yirik savdo markazlarida ularning maydoniga mos kitob do‘konlarini tashkil etish majburiy talab sifatida belgilangan.

Poytaxt hokimi shuningdek, shahar miqyosida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovini joriy etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.