Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, texnikumni tashkil etish uchun davlat budjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan.
5,2 gektar maydonda 1 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurilgan.
Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim orqali nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilgan.
2026–2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Ta’lim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarni egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
4,3 mingga yaqin o‘quvchi amaliyot o‘taydi
Texnikum Xorazmdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham amaliy baza vazifasini bajaradi. Hududdagi ta’lim muassasalarining qariyb 4,3 ming nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘tashi mumkin.
Bunday ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident, shuningdek, texnikum hududidagi Kasblar shaharchasi bilan tanishdi. Bu yerda yoshlarning qiziqish va qobiliyatini erta aniqlash hamda ularni kasbga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan.
Kasblar shaharchasida “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida o‘quvchilar zamonaviy uskunalar bilan bevosita ishlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi. Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan.
Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu yoshlarni kasbga yo‘naltirish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va kelgusida bandligini ta’minlashni yagona tizimga birlashtirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va ushbu tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.