Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar uchun Vazir jamg‘armasidan ustama olishga talabgor bo‘lganlarga test sinovlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Jizzax shahridagi 4-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan ushbu test sinovlari davlatimiz rahbarining 2022 yil 3 fevraldagi “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
– Ushbu jarayon ta’lim tizimida bir necha yillardan berib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishayotgan malakali muallim-pedagoglarning mehnatlarini rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirib kelinmoqda, – deydi Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi pedagoglarning bilimi va malakalarini baholashni tashkil etish shu’basi bosh metodisti Nazokat Qurbonova. – Mazkur test sinovlari yuqori bilim va saviyaga, o‘zining o‘qitish uslubiga ega, o‘z ustida muntazam ishlaydigan, xalq orasida obro‘-e’tibor topgan haqiqiy mahorat sohibi bo‘lgan pedagoglarni yuzaga chiqarib beradi.

Vazirlik hamkorligida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilgan test jarayonlarida Jizzax viloyatidan jami 258 nafar, shulardan umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan 237 nafar, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalaridan 21 nafar nomzod ishtirok etdi.

Ikkinchi bosqichda test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbatlar o‘tkaziladi. Suhbat natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 yarim barobarida har oylik ustama to‘lab boriladi.
