Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘quvchilarni yozgi ta’til kunlarida nazorat qilib borish bo‘yicha o‘qituvchilardan kafolat xati talab qilinayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning ma’lum qilishicha, ota-onalar bilan hamkorlikni tashkil etish yuzasidan umumta’lim maktablari sinf rahbarlaridan kafolat xati olish bo‘yicha hududiy bo‘linmalar va ta’lim muassasalariga hech qanday ko‘rsatma yoki tavsiya berilmagan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda sinf rahbarlari uchun mo‘ljallangani aytilgan kafolat xati namunasi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Unda sinf rahbari o‘zi mas’ul bo‘lgan o‘quvchilarni qat’iy nazoratga olishi, turli yig‘ilishlar va pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymasligini kafolatlashi kerakligi yozilgan. Shuningdek, ota-onalardan ham kafolat xatlari olish hamda ta’til davomida ular bilan muntazam aloqada bo‘lib turish talabi keltirilgan edi.

Vazirlik ushbu hujjat rasmiy topshiriq yoki tavsiya emasligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, maktablarda yozgi ta’til yakuniy bosqichli nazorat sinovlari tugagan kundan keyin boshlanadi va 1-sentyabrgacha davom etadi.