Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglarning malaka toifasi sertifikatlari amal qilish muddati qisqartirilgani haqida tarqalgan xabarlar asossiz. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, pedagoglar har 5 yilda bir marta majburiy attestatsiyadan o‘tadi. 2021-yilgacha berilgan malaka toifasi sertifikatlari turli vaqtlarda rasmiylashtirilgani sababli ularning amal qilish muddati ham 2026-yilning turli oylariga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, attestatsiya jarayonlari odatda yanvar–iyun oylarida tashkil etiladi hamda yangi sertifikatlar iyun oyida rasmiylashtiriladi. Shu bois ayrim pedagoglarning amaldagi sertifikatlari yangi o‘quv yili boshlanishidan avval yakunlanishi mumkin.
“Malaka toifasi sertifikatlarining amal qilish muddati bo‘yicha hech qanday qisqartirish yoki o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish amalga oshirilmagan. Pedagoglarning amaldagi sertifikatlari muddati yakuniga yetmaguniga qadar malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi va amaldagi toifa bo‘yicha ish haqi to‘lanishi davom etadi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, vazirlik pedagoglarni kuzgi attestatsiyani kutmasdan, bahorgi attestatsiya jarayonlarida ishtirok etishga chaqirgan. Ta’kidlanishicha, bunda hech qanday to‘lov talab etilmaydi hamda sertifikat muddati uzilib qolishining oldi olinadi.