Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-fevraldagi qarori bilan xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikum xodimlarining mehnatiga haq to‘lashning yangi tartibi tasdiqlandi. Hujjatda mazkur toifadagi ta’lim muassasalarida ustama va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari belgilab berilgan.

Qarorga ko‘ra, xalqaro ta’lim dasturlarini o‘qitishga jalb etilgan o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, texnikum direktori, bosh buxgalteri hamda Xalqaro ta’lim dasturini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlariga har oy bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 100 foiz ustama to‘lanadi. Mazkur ustamalar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, texnikumlarda mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan faoliyatida yuqori natijalarga erishgan xodimlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
Nizomga muvofiq, yuqori reyting ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga bazaviy stavkasiga nisbatan 200 foizgacha qo‘shimcha to‘lov belgilanadi. Shu tariqa, ayrim pedagoglar uchun umumiy ustama miqdori 300 foizgacha yetishi mumkin.
Rag‘batlantirish miqdori har o‘quv semestri yakunida tuziladigan ishchi guruhlar tomonidan belgilangan mezonlar asosida aniqlanadi. Hujjatda baholash tartibi, ishchi guruhlar tarkibi va qaror qabul qilish mexanizmi batafsil ko‘rsatib o‘tilgan.
Qaror ijrosi uchun zarur xarajatlar 2026-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida qoplanadi. 2027-yildan boshlab esa tegishli mablag‘lar davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi. Qaror ijrosini nazorat qilish oliy ta’lim vaziri zimmasiga yuklatilgan.