Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻiga ko‘ra, xorijiy til o‘qituvchilaridan B2 darajadagi sertifikat talab etilishi shart bo‘lsa-da, bunday sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2025-yil yakuniga qadar mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi.

Muo

Buyruqqa muvofiq, xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari talabi o‘z kuchida qoladi. Biroq pedagoglardan 2025-yil oxirigacha vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan imtihonlarda ishtirok etishlari to‘g‘risida tilxat olinadi.

Shuningdek, 1-dekabrgacha tuman va shahar bo‘limlari tomonidan malakali mutaxassislar jalb qilingan holda, sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi belgilandi.

Buyruqda 2025-yil yakuniga qadar sertifikat olmagan o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish masalasi ochiqlanmagan. Shu bilan birga, joriy o‘quv yilida vakant lavozimlarga talab darajasidagi sertifikatlarga ega bo‘lgan oliy taʼlim muassasalarining xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha 3–4-kurs talabalari orasidan kadrlar zaxirasi shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda qabul qilingan hukumat qarorlariga muvofiq, xorijiy til o‘qituvchilaridan 2025/26-o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish talabi belgilangan edi.