Xitoy rasmiylari mamlakat kompaniyalariga Qo‘shma Shtatlar va Isroilda ishlab chiqarilgan ayrim kiberxavfsizlik dasturlaridan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma yubordi. Bu haqda masaladan xabardor manbalarga tayanib Reuters xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, qaror milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab qabul qilingan. Pekin G‘arb razvedka idoralari ushbu dasturlar orqali maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, taqiqlangan dasturlar qatoriga AQSHning VMware, Palo Alto Networks, Fortinet kabi yirik kompaniyalari mahsulotlari, shuningdek Isroilning Check Point Software kompaniyasi dasturlari ham kiritilgan. Umuman olganda, cheklovlar ro‘yxatiga AQSH va Isroilning o‘nlab kompaniyalari kiradi.
Reuters Xitoy hukumati mazkur ko‘rsatmani aynan nechta kompaniyaga yuborgani hozircha noma’lum ekanini qayd etdi. Mamlakatda internet nazorati bilan shug‘ullanuvchi idoralar hamda sanoat vazirligi ushbu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Taqiqqa tushgan kompaniyalardan ham rasmiy munosabat olinmagan.
Xitoy mahalliy texnologiyalarga o‘tishni tezlashtirmoqda
Agentlikka ko‘ra, Pekin G‘arbda ishlab chiqarilgan texnologiyalarni bosqichma-bosqich mahalliy muqobillari bilan almashtirish jarayonini boshlagan. Bunga milliy xavfsizlik omillaridan tashqari, AQSH bilan savdo va texnologik raqobatning kuchayib borayotgani ham sabab bo‘lmoqda.
Xitoylik tahlilchilarning fikricha, G‘arbda ishlab chiqarilgan uskunalar va dasturiy ta’minot xorijiy razvedka xizmatlari yoki xakerlar tomonidan nazorat qilinishi mumkin. Shu bois hukumat bir qator strategik sohalarda ichki ishlab chiqaruvchilarga tayanishni rejalashtirmoqda