Pekin Ilon Maskning Starlink sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otadi deb hisoblamoqda. Bu haqda South China Morning Post Xitoyning BMT Xavfsizlik kengashidagi vakilining chiqishiga tayanib xabar berdi.

2025-yil 29-dekabr kuni Rossiya tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik kengashining norasmiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Xitoy vakili o‘z chiqishi davomida SpaceX kompaniyasining Starlink kabi sun’iy yo‘ldoshlari guruhining oshishi “xavfsizlik uchun jiddiy muammolarni” yuzaga keltirishini ma’lum qildi.
U 2021-yilda sun’iy yo‘ldoshning Xitoyning orbital stansiyasiga yaqinlashuvi bilan bog‘liq bir qator hodisalarni, shuningdek, 2025-yil dekabrda boshqa bir apparatning parchalanib ketishini misol qilib keltirdi. Xitoy vakilining qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda Starlink’dan harbiy razvedka maqsadlarida foydalaniladi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim sun’iy yo‘ldoshlardan “terrorchi va separatistik guruhlar” ham foydalanmoqda.
Pekinning hisoblashicha, tijoriy sun’iy yo‘ldoshlardan harbiy maqsadlarda foydalanish “kosmosdagi qurollanish poygasi xavfini chuqurlashtirib yuborgan”.
Hozirda past Yer orbitasida 9 mingdan ortiq Starlink sun’iy yo‘ldoshlari mavjud, kelajakda ularning sonini 42 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Xitoy ham o‘zining sun’iy yo‘ldoshlar guruhini rivojlantirmoqda, jumladan, 2030-yilgacha 15 mingdan ortiq Qianfan sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishni va Guowang tarmog‘ini kengaytirishni (13 mingta sun’iy yo‘ldosh) reja qilgan.
AP agentligi Xitoy ilmiy jurnallarida chop etilgan oʻnlab ishlarni oʻrganib chiqib, olimlar Maskning sunʼiy yoʻldoshlarini lazerlar bilan jihozlangan “koʻrinmas” suvosti kemalari va ion dvigatelli maxsus apparatlar yordamida aniqlash hamda yoʻq qilishni taklif qilayotganidan xabar topdi. Shuningdek, Xalq-ozodlik armiyasi muhandislari sunʼiy yoʻldoshlarni monitoring qilish uchun kichik optik teleskoplardan foydalanish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda.