Xiva shahrida Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filialini tashkil etish nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, filialda bakalavriat bosqichida xalqaro xitoy tili ta’limi, turizm boshqaruvi, xalqaro biznes hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Magistratura bosqichida esa xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi, ta’lim boshqaruvi, sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Filialda ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda tashkil etiladi. O‘quv jarayoni xitoy, o‘zbek va ingliz tillarida olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil yanvar oyida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti delegatsiyasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan edi. Unda ikki oliygoh o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingandi.
Shuningdek, joriy yil aprel oyida Xiva shahrida Lyaonin pedagogika universiteti filiali uchun bino qurilishi boshlanganligi ma’lum qilingan. Filialda ilk o‘quv jarayonini 2026–2027-o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan.