O‘zbekistonda xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun chet tilini o‘rganish xarajatining 50 foizini qoplab berish, kasbiy malaka imtihonlari xarajatlarini esa to‘liq moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgan.
Hozirgi vaqtda qariyb 1,2 million nafar o‘zbekistonlik 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda esa malakali ishchi kuchiga talab ortib bormoqda. Xususan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga esa 15 ming nafar qurilish, logistika va servis sohasi mutaxassisi zarur.
Shu bois yuqori daromadli mehnat bozorlariga chiqish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Mazkur ehtiyojni qoplash maqsadida Janubiy Koreya, Germaniya va Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda “kasb+til” tamoyili asosida qo‘shma ta’lim loyihalari yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda 12 ta loyihada 8,5 ming fuqaro tahsil olmoqda, ularning 3 ming nafari ish bilan ta’minlangan. Kelgusida loyihalar sonini 20 taga yetkazish, qamrovni esa 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida talab yuqori kasblar va xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan maxsus markaz tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Hududlarda migratsiya markazlari va kasbga o‘qitish infratuzilmasini rivojlantirish, tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni xalqaro imtihonlarga tayyorlash, qurilish yo‘nalishlarida malaka markazlarini kengaytirish rejalari ham mavjud.
Taqdimotda migratsiya jarayonlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham muhokama qilindi. Jumladan, chet tilini o‘rganish xarajatining yarmi, kasbiy malaka imtihonlari xarajatlari esa to‘liq qoplab berilishi, mablag‘larni bevosita fuqarolarning o‘ziga ajratish taklif etilgan.