Hukumat qarori bilan “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Ds

Hujjatga ko‘ra, xalqaro olimpiada xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh yoshlar o‘rtasida tashkil etiladi. Unda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari yakka yoki jamoaviy tarzda ixtiyoriy ravishda qatnashishi mumkin.

Nizomga muvofiq, ishtirokchilar olimpiadada onlayn hamda an’anaviy shaklda ishtirok etadi.

Ma’lum qilinishicha, xalqaro olimpiada har yili oktyabr oyiga qadar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich test sinovlari asosida tashkil etilsa, ikkinchi bosqich yozma ijodiy ish shaklida bo‘lib o‘tadi.

Birinchi bosqichda qatnashchilar umumiy 50 ball bilan baholanadigan 30 ta test topshirig‘ini bajaradi.

Ikkinchi bosqichda esa hakamlar hay’ati tomonidan tavsiya etilgan beshtagacha esse mavzusi orasidan qur’a orqali tanlangan bitta mavzu asosida ijodiy ish yoziladi.

Qarorga ko‘ra, xorijiy davlatlarning terma jamoalari tarkibi olti nafargacha ishtirokchi hamda bir nafar jamoa rahbaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, bir davlatdan uchtagacha terma jamoaning qatnashishiga ruxsat etiladi.

Olimpiada yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar oltin, kumush va bronza medallari, diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.