O‘zbekistonda 2021–2025-yillar davomida xorijiy til bo‘yicha xalqaro imtihonlardan yuqori natija qayd etgan 56 mingdan ortiq yoshlarga jami 111 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ kompensatsiya sifatida qaytarilgan. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga eng katta ulush IELTS imtihonidan yuqori ball to‘plagan yoshlarga to‘g‘ri kelgan. Xususan, 41 835 nafar yoshga jami 92,6 milliard so‘m mablag‘ qaytarib berilgan.

Besh yil davomida xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha kompensatsiya olgan yoshlar soni imtihon turlari kesimida ham tahlil qilingan. Tegishli ma’lumotlar Yoshlar ishlari agentligi tomonidan e’lon qilingan infografikalarda keltirilgan.

Yosh toifalari kesimida kompensatsiya olganlarning:

  • 23 906 nafari 18–23 yoshda;
  • 22 379 nafari 14–17 yoshda;
  • 9 972 nafari 24–31 yoshda bo‘lgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda 19 115 nafar yoshlarga jami 39 milliard so‘m mablag‘ qaytarib berilgan.

“Gazeta” nashrining yozishicha, faqat 2025-yil davomida xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball (daraja) olgan 17 324 nafar yoshga imtihon topshirish xarajatlari kompensatsiya qilingan. Ushbu maqsadlar uchun Yoshlarga oid davlat siyosatini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 38,7 milliard so‘m ajratilgan.