O‘zbekistondagi nodavlat ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun alohida lavozimlar tashkil etish taklif qilinmoqda. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 19-oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Vf

Hujjatga ko‘ra, xususiy oliy ta’lim tashkilotlarida profilaktika katta inspektori hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimlarini joriy etish mumkin. O‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida esa voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixolog va inspektor-psixolog lavozimlarini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Bu xodimlarning faoliyati ta’lim oluvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik, zo‘ravonlik, bulling, giyohvandlik va ekstremistik g‘oyalar ta’sirining oldini olishga qaratiladi. Shuningdek, ular o‘quvchi va talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish, qonunlarga hurmat va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boradi.

Loyiha bo‘yicha inspektorlar ta’lim tashkiloti ma’muriyati, psixologlar, pedagoglar, ota-onalar va tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda muammoli hamda xavf guruhiga kiruvchi o‘quvchilar bilan individual profilaktik va psixologik ishlarni ham amalga oshiradi.

Taklifga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu lavozimlarni o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil etishga ruxsat beriladi.

Qaror loyihasi muhokamasi 3-noyabrga qadar davom etadi.