Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyotiga oid navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unda iqtisodiy o‘sish prognozlari, inflyatsiya kutilmalari va asosiy xatarlar tahlil qilingan.

Yt

YaIM o‘sishi va asosiy omillar

XVJ prognoziga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi 6,8 foizni tashkil etadi. Bunda barqaror sarmoyalar, pul o‘tkazmalari hajmining ortishi hamda oltin narxlarining yuqoriligi muhim rol o‘ynaydi.

Joriy yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti ilk bor 178 milliard dollardan oshishi kutilmoqda (2025-yilda — 147 mlrd dollar). Aholi jon boshiga YaIM 4 528 dollarga yetishi prognoz qilingan. Yil yakuniga borib, aholi soni 38,9 million nafarga yetadi.

Ichki talabning sekinlashuvi sabab 2027-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizgacha pasayishi mumkin. Bu pul o‘tkazmalari va oltin narxi o‘sishining sustlashishi bilan izohlanadi.

Inflyatsiya prognozi

XVJ ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda inflyatsiya darajasi Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lib qoladi.

Bunga global omillar, xususan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat va neft narxlarining oshishi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, energiya tariflari kabi boshqariladigan narxlarning oshishi ham inflyatsiyaga ta’sir etadi.

Prognozlarga ko‘ra:

  • 2026-yilda inflyatsiya — 6,8 foiz
  • 2027-yilda — 5 foiz

XVJ kelasi yilda qat’iy pul-kredit siyosati va islohotlar davom etishi hisobiga inflyatsiya maqsadli darajaga tushishini kutmoqda.

Tashqi va ichki xatarlar

Tahlilda global noaniqliklar yuqoriligicha qolayotgani ta’kidlangan. Xususan, Yaqin Sharqdagi mojarolar, savdo uzilishlari va tovar narxlaridagi o‘zgaruvchanlik asosiy tashqi xatarlar sifatida qayd etilgan.

Ichki xatarlar sifatida esa:

  • davlat xarajatlarining ortishi
  • imtiyozli kreditlash orqali talabni sun’iy rag‘batlantirish
  • davlat korxonalari va banklardagi majburiyatlar

alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Fiskal siyosat bo‘yicha tavsiyalar

XVJ hukumatga inflyatsiya bosimini kamaytirish uchun davlat xarajatlarini cheklashni tavsiya qilgan. Hatto byudjet daromadlari oshgan taqdirda ham xarajatlarni keskin ko‘paytirmaslik zarurligi ta’kidlangan.

Shuningdek, umumiy subsidiyalarni kengaytirish o‘rniga yordamni ehtiyojmand qatlamlarga aniq yo‘naltirish maqsadga muvofiq ekani qayd etilgan.

Boshqaruv va tarkibiy islohotlar

XVJ davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va investorlar ishonchini mustahkamlash uchun muhim qonunchilik hujjatlarini qabul qilish zarurligini bildirgan. Xususan:

  • daromadlarni deklaratsiyalash
  • axborot beruvchilarni himoya qilish

kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim.

Shuningdek, tahlilda mehnat bozoridagi muammolar — ayollar bandligining pastligi, norasmiy sektor ulushining yuqoriligi va malakali kadrlar yetishmasligi qayd etilgan.

XVJ xulosasiga ko‘ra, bozorni tartibga solishni kuchaytirish, raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishi uchun muhim omil bo‘lib qoladi.