2026/2027-o‘quv yilida O‘zbekistondagi maktablarning 1-sinfiga 795 ming nafardan ortiq bolani qabul qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, maktablarga qabul jarayonlari, yakuniy davlat imtihonlari hamda yozgi oromgohlar faoliyatini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilda maktablarga onlayn qabul tizimi kengaytirildi. Endilikda tizim 135 ta tuman va shahardagi 5 690 ta maktabni qamrab oladi. Avval bu ko‘rsatkich 64 ta hudud va 1 950 ta maktabdan iborat edi.
Shuningdek, Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi barcha maktablar to‘liq onlayn qabul tizimiga o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, ixtisoslashtirilgan, Prezident, ijod va sport maktablari hamda boshqa maxsus ta’lim muassasalariga qabul ham onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Hozirgacha ushbu maktablarga kirish uchun 150 mingdan ortiq ariza topshirilgan.
Prezident maktablariga hujjat topshirishi kutilayotganlar soni 55 ming nafarga yaqin ekani qayd etildi. Birinchi bosqich imtihonlari respublika bo‘ylab 121 ta katta sig‘imli binoda bir smenada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda yozgi ta’til mavsumi masalalari ham ko‘rib chiqildi. Vazirlik tizimidagi sog‘lomlashtirish maydonchalari va oromgohlarda yuz minglab bolalarning dam olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.