Yaponiyaning Science kompaniyasi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan odam yuvuvchi noyob qurilma — Mirai Human Washing Machine’ni rasmiy ravishda sotuvga chiqardi. Kompaniya vakili 28-noyabr kuni ma’lum qilishicha, ushbu innovatsion kapsulaning narxi taxminan 60 million iyen (≈384 ming dollar) etib belgilangan. Bu haqda The Chosun xabar berdi.

Qurilmaning asosiy imkoniyatlari:
- Kengligi 1 m, chuqurligi 2,5 m va balandligi 2,6 m bo‘lgan kapsulaga kirgan foydalanuvchini yuvish jarayoni atigi 15 daqiqa davom etadi.
- O‘ta kichik mikropufakchalar teri teshiklariga chuqur kirib, o‘lik teri hujayralari va yog‘larni tozalaydi.
- Orqa panelga joylashtirilgan sensorlar inson salomatligi bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlaydi.
- Jarayon davomida foydalanuvchiga dam berish uchun video va musiqa namoyish etiladi.
Science kompaniyasi vakili Sachiko Mayekuraning aytishicha: “Mashina nafaqat tanani, balki ruhingizni ham tozalaydi.”
Qurilma dastlab 2024-yil aprel oyida Osaka-Kansai Expo ko‘rgazmasida namoyish etilib, katta qiziqish uyg‘otgan edi — sinovdan o‘tish uchun 40 ming kishi ro‘yxatdan o‘tgandi.
AQSHdagi bir kurort kompaniyasi qurilmani tijoriy maqsadlarda joriy qilishga qiziqish bildirganidan so‘ng, Science uni rasmiy sotuvga chiqarmoqchi bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, Osaka shahridagi bir mehmonxona qurilmani birinchilardan bo‘lib sotib olgan va mehmonlarga ushbu xizmatni tez orada taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya qurilmani faqat 50 dona miqdorida ishlab chiqarishini bildirgan.