Yangi o‘quv yilidan kichik quvvatli “yashil” energetika yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga kichik va mikrogidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Mnk

Unga ko‘ra, energetika korxonalari, jumladan, kichik gidroenergetika obyektlari talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida belgilanadi. Bu orqali yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish va soha uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda kichik va mikroGESlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. O‘tgan yili xususiy sektor ishtirokida jami 164 megavatt quvvatga ega qariyb 3 mingta kichik va mikroGES qurish belgilangan. Hozirgacha 64 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 41,6 megavattga yetgan.

Sohada importga qaramlikni kamaytirish va uskunalarni mahalliylashtirish ham asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Hozir kichik va mikroGESlar uchun zarur gidroagregat va butlovchi qismlarning 90 foizi xorijdan import qilinmoqda.

Shu munosabat bilan mahalliylashtirish mumkin bo‘lgan agregat va butlovchi qismlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkor va investorlarga takliflar berish rejalashtirilmoqda.

2030-yilgacha kichik va mikroGESlar quvvatini 204,8 megavattga yetkazish mo‘ljallangan. Natijada yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish, 350 mingta xonadonni “yashil” energiya bilan ta’minlash hamda yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.