Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash tartibi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Prezidentning yuridik ta’lim va ilm-fanni isloh qilishga doir farmoniga ko‘ra, universitetda “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasini ta’minlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departamentlar, tadqiqot, amaliyot va karyera markazlaridan iborat shakllantiriladi.
Akademik departamentlar universitet kafedralari negizida tuziladi va ular tarkibida sho‘balar tashkil etiladi. Tadqiqot markazlari esa fakultet yo‘nalishlariga mos ravishda ilmiy xodimlardan iborat bo‘lib, huquqni qo‘llash amaliyotidagi dolzarb masalalarni ilmiy asosda o‘rganadi.
Yangi tartibga ko‘ra, fakultet dekanlari 2 o‘quv yiliga saylanadi va bir shaxs ushbu lavozimga ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylana olmaydi. Akademik departament va markaz rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari sifatida faoliyat yuritadi, sho‘ba rahbarlari esa kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.