Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Zoravon

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar telefon qurilmalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining maxsus SOS ilovasi — my.ihma.uz o‘rnatiladi.

Ilova jabrlangan ayollarning roziligi bilan o‘rnatiladi. Undagi chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusda joylashgan ichki ishlar xodimlari 10 daqiqa ichida manzilga yetib borishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tumani sudi raisi Luiza Utegenovaning O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, zo‘ravon shaxslarni majburiy ambulator psixiatrik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi ham joriy etiladi.

Farmon bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etgan va muqaddam sudlangan shaxslar yana shunday og‘ir jinoyatni sodir etsa, ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlanishi belgilandi.

Shuningdek, hujjatda 21 yoshdan so‘ng nikoh tuzgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar ham nazarda tutilgan.