Adiz Boboyev — Samarqand viloyati hokimi — shoira Latofat Amirovaga sovg‘a qilingan yangi uy kalitini topshirdi. Bu haqda 8-mart kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Latofat Amirova 2026-yil 3-martdagi prezident qaroriga muvofiq Zulfiya mukofoti bilan taqdirlangan. Yosh shoira Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashaydi.
Hokimlik xabariga ko‘ra, yosh ijodkorning iste’dodi va ijodiy yutuqlari e’tirof etilib, Prezident topshirig‘i asosida unga Samarqanddagi Qorasuv massivida joylashgan ikki xonali, barcha sharoitlarga ega va mebellar bilan jihozlangan xonadon topshirildi.
Marosim davomida viloyat hokimi yosh shoiraning ijodiy faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, bunday e’tibor yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning iste’dodini rag‘batlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.