Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda har bir sohani rivojlantirishda kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning o‘qishi, mutaxassislarning tajriba oshirishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shu maqsadda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2 ming 225 nafar stipendiatlar 45 ga yaqin davlatga o‘qishga yuborilib, byudjetdan jami 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Hozirgacha ularning 1 ming 400 nafari O‘zbekistonga qaytib, iqtisodiyot tarmoqlarida, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida ishlamoqda. Bugungi kunda 748 nafar stipendiatlar “TOP-300” talikdagi nufuzli universitetlarda ta’lim olayapti.

Endi bunday ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida mazkur fondni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib, Davlat boshqaruvi akademiyasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.

Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash bo‘yicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga ustuvorlik beriladi.

Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida o‘qishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda bo‘lgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.

Xorijda o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish vazifalari yuklatiladi.