O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasidagi nutqi xorijiy parlamentariylar, shu bilan birga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Quyi palata deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov bu borada o‘z munosabatini bayon qildi:

– Davlatimiz rahbari o‘z nutqida dunyo parlamentlarining muhtaram a’zolari bugungi kunda jahon hamjamiyatidagi muammolarni eng quyi bo‘g‘indan tortib, xalqaro maydonga ham olib chiqayotganligini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, sayyoramizning turli joylarida notinchliklar ro‘y berayotgan bir davrda Parlamentlararo Ittifoq xalqlar tinchligini saqlash, hamkorligini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyatini samarali olib borayotgani aytib o‘tildi.

Mamlakatimiz rahbari nutqida barcha muhim masalalarga e’tibor qaratar ekan, ayniqsa, dunyoning iqtisodiy o‘sishiga alohida e’tibor qaratdi. Agar iqtisodiyot pastlab, vaziyat keskinlashib boraversa, bu avvalo, ijtimoiy hayotga o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi. Ya’ni, 2030 yilga borib 575 mln. aholi qashshoqlikka duch kelishi, 84 mln. bolalar savodsiz qolishi mumkinligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston dunyo parlamentlarini bu yuksak maqsadlar yo‘lida, ya’ni tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik, parlamentlar o‘rtasida qonun ijodkorligini rivojlantirish borasida bir-biri bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanishi tarafdori.  

O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro maydonda dunyo hamjamiyati bilan jadal va pragmatik diplomatik aloqalar olib bormoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda parlament tomonidan davlat va jamiyat rivojini ta’minlovchi ko‘plab qonunlar qabul qilish jadallashib bordi. Shuningdek, 2023 yilda O‘zbekiston xalqining xohish-irodasi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinganligi, bunda parlamentning vakolatlari kuchaytirilganligi ta’kidlab o‘tildi. Mahalliy Kengashlar vakolatlari yanada oshirilganligi, o‘ttizdan ortiq vakolatlar mahalliy Kengashlarga o‘tkazilganligi esa ahamiyatlidir.

Vakillik organi bo‘lgan Parlamentlararo Ittifoq bugungi kunda barqaror rivojlanish, qonun ijodkorligi, inson huquqlari, gender tengligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishonchli ishlar olib bormoqda. Ayniqsa, BMT tomonidan qabul qilingan «Parij bitimi»da davlatlar o‘ziga olgan majburiyatlarini bajarishi har qachongidan ham muhimdir.

“Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil” texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishamiz”, dedi Prezident o‘z nutqida. Darhaqiqat, bugungi ekologik vaziyatda parlamentlarning bu yo‘nalishdagi hamkorligi dolzarb ahamiyat kasb etadi.