O‘zbekistonda atom elektr stansiyalaridagi reaktor qurilmalarining yadroviy xavfsizligini ta’minlashga doir qoidalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 5-noyabr kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Km

Qoidalarda atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan talablar belgilangan.

Unga ko‘ra, AES qurilishi boshlanishidan oldin reaktor qurilmasining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi kerak. Unda xavfsizlik uchun muhim tizimlar, ularning ishonchlilik ko‘rsatkichlari, xizmat muddati va texnik holatini nazorat qilish vositalari ko‘rsatiladi.

Loyiha hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritmasdan reaktor qurilmasi va xavfsizlik tizimlarining konstruksiyasi, texnik tavsiflari hamda AESni ekspluatatsiya qilish shartlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Avariya yuz berganda radioaktiv moddalarning atmosfera havosi, yerusti va yerosti suvlari, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda aholi salomatligiga ehtimoliy ta’siri oldindan o‘rganilishi lozim. Bunday oqibatlarning oldini olish yoki ularni kamaytirish choralari ham ko‘zda tutiladi.

Xavfsizlik uchun muhim tizimlar ishlab chiqarish, montaj va sozlash bosqichlarida sinovdan o‘tkaziladi. AESdan foydalanish davomida esa ular davriy tekshiruvdan o‘tkazib turiladi.

AES blokini elektr energiyasi ishlab chiqarish rejimiga o‘tkazishda reaktor quvvati bosqichma-bosqich oshiriladi. Har bir bosqichda rejalashtirilgan sinovlar o‘tkazilib, natijalari tahlil qilinadi.

Yadroviy xavfli ishlar reaktor to‘xtatilgan holatda, xavfsizlik choralari va mas’ul shaxs ko‘rsatilgan maxsus ishchi dastur asosida bajariladi. Xodimlarning avariya oldi vaziyatlari va avariyalar vaqtida harakat qilishga tayyorgarligini oshirish uchun maxsus mashg‘ulotlar ham o‘tkaziladi.